Joriy yilning 29-may sanasida Ingliz tili amaliy fanlar №3 kafedrasi katta oʻqituvchilari Agzamxodjayeva Saodat va Shukurova Shohsanam tashabbusi bilan 1-bosqich 2407, 2410 hamda 2424-guruh talabalari poytaxtimizda joylashgan Oʻzbekiston davlat drama teatriga tashrif buyurdilar.
“Turkiston bolalari” pyesasi B.Irzayevning “O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim” kitobi hamda J.Jovliyevning “Qo‘rqma” romani asosida yozilgan bo‘lib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, teatrning bosh rejissyori Olimjon Salimov badiiy rahbarligida rejissyor Rasuljon Tog‘ayqulov tomonidan sahnalashtirilgan.
Spektaklda Turkistonni ozod va obod ko‘rishni orzu qilgan, shu maqsadda kurashgan, jadidlarning ko‘magi bilan o‘tgan asrda Germaniyada tahsil olgan talabalar haqida so‘z boradi. Talabalarning yoshlari, tanlagan, ilm olayotgan sohalari turli xil. Biroq ularning barchasini yagona maqsad birlashtirgan – Turkistonni yuksaltirmoq maqsadi. Ular bu maqsad yo‘lida bor kuchlarini sarflaydilar. Hatto aziz jonini garovga qo‘yadilar. Vatanning ertasini ozod, obod ko‘rish, kelajak avlodni ilmli bo‘lishi uchun tinmay mehnat qiladilar.