2025-yil 20-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi tomonidan tashkil etilgan qo‘shma malaka oshirish kursi doirasida o‘qituvchilarimiz Indoneziyaning Jakarta shahrida joylashgan Gunadarma universitetiga tashrif buyurishdi.

Mazkur tashrif doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi vakillari o‘rtasida samarali va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv jarayonida ta’lim tizimlarini taqqoslash, o‘quv jarayonini tashkil etish, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy pedagogik yondashuvlar, shuningdek, raqamli va innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, tashrif davomida O‘zDJTU professor-o‘qituvchilari tomonidan mikroteaching mashg‘ulotlari hamda amaliy trening darslari tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlar jarayonida interfaol metodlar, kommunikativ yondashuvlar, multimedia vositalaridan samarali foydalanish hamda talabalarning faolligini oshirishga qaratilgan usullar amaliy tarzda namoyish etildi.

Gunadarma universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan mazkur darslar katta qiziqish bilan qabul qilinib, treninglar yakunida pedagogik tajribalar, dars jarayonida yuzaga keladigan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha ochiq muloqot olib borildi.

Mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro ta’lim tajribalarini o‘rganish hamda o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube