11 dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” nomli keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirning uchinchi bosqichi o‘tkazildi.

Tadbirni universitet rektori Ilhomjon Tuxtasinov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida talaba-yoshlar uchun sog‘lom va xavfsiz muhit yaratish, ularning psixofizik salomatligini asrash hamda giyohvandlik va psixotrop moddalar kabi zararli illatlardan himoya qilish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini aytdi.

Shuningdek, u yoshlarni bunday illatlardan asrash, ularga to‘g‘ri bilim va ma’naviy qadriyatlarni yetkazish, profilaktik ishlarni muntazam va samarali olib borish zarurligini qo‘shimcha qildi. Rektor bu masalada butun jamoaning mas’uliyati muhimligini ham bildirib o‘tdi.

Tadbirda Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Bahramov Akmal Abdulxayevich, Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Ochilov Abdurashid Abduhamidovich, shuningdek, Uchtepa tumani IIO FMB TKX JKB giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish guruhi katta tezkor vakili leytenant N.N. Djurayev ishtirok etdi va talabalarga giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish, xavfsiz turmush tarzini shakllantirish hamda qonuniy javobgarlik masalalari yuzasidan ma’ruzalar o‘tkazdi.

Ushbu tadbir orqali O‘zDJTU talaba-yoshlari orasida xavfsiz va sog‘lom hayot tarzi targ‘ib qilindi, ularning psixofizik rivojlanishini himoya qilish va zararli illatlarga qarshi qat’iy pozitsiya shakllantirishga qaratilgan profilaktik ishlar samarali amalga oshirildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube