Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi: xalqaro hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoni

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi: xalqaro hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoni

Toshkent, 16-iyun. Bugun poytaxtimizda “Investitsiyalar barqarorligi: yangi ufqlar, yangi hamkorliklar” shiori ostida Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. 16–18-iyun kunlari davom etadigan mazkur nufuzli tadbirda 99 mamlakatdan 8 mingdan ortiq delegat, investor, xalqaro tashkilotlar vakillari va biznes hamjamiyati a’zolari ishtirok etmoqda.

Forum O‘zbekistonning eng yirik investitsiya platformalaridan biri sifatida mamlakat iqtisodiy salohiyati, istiqbolli loyihalari hamda xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Tadbirning birinchi kunida energetika, shaharsozlik, korporativ boshqaruv, tadbirkorlik, islomiy moliya va innovatsion rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan qator panel sessiyalar va biznes-forumlar tashkil etildi.

 


Forum tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetidan 110 nafar tarjimon-volontyor jalb etilgan bo‘lib, ular xorijiy delegatsiyalar bilan ishlash, mehmonlarni kutib olish va forum maydonlarida tarjimonlik xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Mazkur xalqaro anjumanda respublikamizning qator oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ham faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori A. Nosirov forum doirasidagi uchrashuvlar va muzokaralarda qatnashmoqda.



Rektor Ilxomjon Tuxtasinovning forumdagi ishtirokidan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy oliy ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar va biznes vakillari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, yangi qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni rivojlantirish hamda istiqbolli kelishuvlarga erishishdan iboratdir.

Forum davomida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari, akademik almashinuv dasturlari hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube