IBROHIM G‘OFUROV NOMIDAGI IJOD VA TARJIMA MAKTABI FAOLIYATI BOSHLANDI
Tadbir davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do‘stmuhammad so‘zga chiqib, Ibrohim G‘ofurovning o‘zbek adabiyoti, adabiyotshunoslik va tarjima san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi, o‘ziga xos ijodiy uslubi hamda boy adabiy merosining ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, o‘zbek shoiri, tarjimon va jurnalist Minhojiddin Mirzo ham so‘zga chiqib, Ibrohim G‘ofurovning adabiy va tarjimonlik faoliyati, uning milliy adabiyotimiz rivojidagi o‘rni hamda ijodiy merosini o‘rganish va kelajak avlodga yetkazishning ahamiyati haqida mulohazalarini bildirdi.
Tadbirning keyingi qismida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari yetti tilda chiqish qilib, Ibrohim G‘ofurovning hayoti, ijodi, tarjimonlik faoliyati va jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish borasidagi ishlari haqida ma’lumot berdilar. Talabalarning ko‘p tilli chiqishlari atoqli ijodkor merosini keng targ‘ib etish hamda turli tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov nomidagi “Tarjima va ijod maktabi” o‘quv xonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilish lentasi kesilib, maktab faoliyatiga rasman start berildi.
Universitet rektori, professor Ilhomjon Tuxtasinov ishtirokchilarni yangi maktabning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari hamda o‘quv xonasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi.
Mazkur maktab talabalarning tarjima nazariyasi va amaliyotiga oid bilimlarini chuqurlashtirish, badiiy tarjima mahoratini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda Ibrohim G‘ofurovning boy adabiy merosini chuqur o‘rganishga yo‘naltirilgan.
Ibrohim G‘ofurov nomidagi “Tarjima va ijod maktabi”ning ish boshlashi milliy tarjima an’analarini davom ettirish, kelajak tarjimonlarini kamol toptirish va atoqli ijodkor merosini yosh avlodga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.