8-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, shuningdek startaplarni moliyalashtirish hamda rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar-treningda iqtidorli talaba-yoshlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni ilmiy izlanishlarga keng jalb etish, istiqbolli g‘oya va tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish mexanizmlari hamda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek iqtidorli talabalar uchun ta’sis etilgan nomli davlat stipendiyalariga oid masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga ilmiy-tadqiqot faoliyatini samarali tashkil etish, innovatsion g‘oyalarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish manbalari, startaplarni rivojlantirish bosqichlari hamda amaliyotga joriy etishning muhim jihatlari tushuntirildi.
Seminar-trening talaba-yoshlarda ilmiy va innovatsion faoliyatga qiziqishni yanada oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda universitetda startap ekotizimini rivojlantirishga turtki bo‘ldi.