IQTIDORLI TALABALAR BILAN MUHIM UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida iqtidorli talabalar ishtirokida “Start-up loyihalar va innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish”ga bag‘ishlangan seminar-trening va uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvni universitet rektori Ilhomjon Tuxtasinov ochib berdi va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, startap hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Tadbirda Sobirxonov Akbarxon ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqot olib bordi. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda INNO texnoparkning mas’ul mutaxassislari tomonidan talaba-yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida:
- start-up loyihalarni yaratish bosqichlari,
- innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish yo‘llari,
- ularni amaliyotga joriy etish mexanizmlari haqida muhim tavsiyalar berildi.
Seminar davomida startap loyihalarni yaratish bosqichlari, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish yo‘llari, grant dasturlari, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda istiqbolli tashabbuslarni amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, startap loyihalar tanlovida muvaffaqiyat qozongan talabalar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, amalga oshirilgan loyihalar, erishilgan natijalar hamda duch kelgan muammolar va ularning yechimlari haqida fikr bildirdilar. Tadbir davomida talabalar o‘zaro fikr almashib, mutaxassislardan zarur tavsiyalar oldilar.
Mazkur seminar-trening yoshlarning innovatsion fikrlashini rivojlantirish, ularni ilmiy va amaliy faoliyatga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi.