O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasining Ozarbayjondagi tashrifi: yangi hamkorlik yo‘lida muhim qadamlar
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasining Ozarbayjon Respublikasiga tashrifi doirasida ikkinchi kun ham mazmunli uchrashuvlar bilan davom etdi. Jumladan, universitet vakillari Fransiya–Ozarbayjon universitetiga tashrif buyurdilar. Mazkur tashrif universitetimiz uchun yangi xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Mehmonlarni Ozarbayjon davlat neft va sanoat universiteti prorektori hamda Fransiya–Ozarbayjon universiteti ijrochi direktori boshchiligidagi jamoa iliq va samimiy ruhda kutib oldi. Tashrifda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i hamda Pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar Fransiya–Ozarbayjon universitetida ta’lim jarayonini tashkil etish modeli, xalqaro hamkorlik tajribasi hamda zamonaviy o‘quv infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.
Muzokaralar chog‘ida akademik mobillikni rivojlantirish, ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlarning ikkala universitet o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishini alohida ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida kelgusida aniq hamkorlik mexanizmlarini belgilash, istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish hamda aloqalarni bosqichma-bosqich rivojlantirish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.

Umuman olganda, mazkur tashrif universitetning xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda ta’lim va ilm-fan sohasida yangi strategik sherikliklarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi.