O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori huzuridagi ishlab chiqarish yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
24-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori huzurida navbatdagi ishlab chiqarish yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishga universitet rektori I. Tuxtasinov raislik qildi. Unda barcha prorektorlar, rektor maslahatchilari, fakultet dekanlari, shuningdek boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, 2026-yil 26-mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan Navro‘z sayli bayramiga tayyorgarlik ishlari hamda aprel oyida bo‘lib o‘tadigan talabalar sport ligasi musobaqalariga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Bu yuzasidan Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor V. Sadiyev axborot berdi.
Shuningdek, 2024–2025 va 2025–2026 o‘quv yillari bitiruvchilarini ishga joylashtirish holati muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Ch. Chutpulotov ma’lumot taqdim etdi. Yig‘ilishda bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Kun tartibidan o‘rin olgan yana bir muhim masala — universitetning 2026-yilga mo‘ljallangan rivojlantirish ko‘rsatkichlarining fakultet va kafedralarda bajarilish holati bo‘ldi. Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor O. Yusupov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Yig‘ilish davomida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro reytinglar bilan ishlash yo‘nalishidagi ishlar ham muhokama qilindi. Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda mazkur yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, universitetda to‘lov-kontrakt mablag‘lari bo‘yicha mavjud qarzdorliklarni undirish jarayonlarini tizimlashtirish va ichki nazoratni kuchaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor M. Hamrayev ushbu masala yuzasidan axborot berdi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi hamda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.