O‘ZDJTU VAKILLARI “OROL DENGIZIGA POYEZD” EKOLOGIK AKSIYA DOIRASIDA MADANIY VA EKOLOGIK TADBIRLARDA ISHTIROK ETDI
Qoraqalpog‘iston Respublikasida davom etayotgan “Orol dengiziga poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari hamda Ekologiya va yashil resurslar kafedrasi o‘qituvchisi Jasur Muxammadiyev Xorazm viloyatiga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida ishtirokchilar qadimiy va betakror tarixiy maskan — Ichan qal’a hududida tashkil etilgan “Cho‘girma” flash mob shouda faol ishtirok etdilar. Tadbir milliy ruh va an’analarga boy tarzda o‘tkazilib, unda turli kuy-qo‘shiqlar, milliy urf-odatlar hamda sahnaviy chiqishlar namoyish etildi. Talabalar ushbu jarayon orqali o‘zbek xalqining boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, ishtirokchilar Xiva shahridagi ko‘plab tarixiy obidalarni tomosha qilib, ularning tarixiy ahamiyati va me’moriy xususiyatlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Tashrif davomida ekologik jihatdan toza transport vositasi — trolleybus orqali Ichan qal’a hududiga borilgani alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Bu esa yoshlar orasida ekologik madaniyatni targ‘ib etishda muhim jihatlardan biri sifatida qayd etildi.

Bundan tashqari, talabalar Jaloliddin Manguberdi haykalini ziyorat qilib, buyuk tarixiy shaxs xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Shuningdek, Avesto yodgorligiga tashrif buyurilib, qadimgi sivilizatsiya va madaniyat ildizlari bilan tanishildi.
Mazkur tashrif talaba-yoshlarning tarixiy merosga bo‘lgan qiziqishini oshirish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhini kuchaytirish hamda ekologik ong va mas’uliyatni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tajriba bo‘ldi.