O‘zDJTUda zamonaviy ekologik siyosatga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

30-may kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Zamonaviy ekologik siyosat: milliy tajribadan global yechimgacha” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbir “Siyosiy fanlar” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda ekologiya sohasidagi dolzarb muammolar, innovatsion yondashuvlar va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Anjumanni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Otabek Yusupov ochib berar ekan, O‘zbekiston Respublikasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, “O‘zbekiston–2030” strategiyasining ekologik yo‘nalishlari, xususan, issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish, yashil energetikani rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldi.

 

 

Anjumanda ekologiya va siyosat sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis va olimlar ishtirok etdi. Jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori E’tibor Sultonova, siyosiy fanlar doktori Farhod Tolipov, SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti Suriya Turayeva, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi vakili Abdirashit Mirzambetov hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti “Siyosiy fanlar” kafedrasi ilmiy tadqiqotchisi Shaxina Jo‘rayeva tomonidan dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Shuningdek, anjumanda Kanadaning York universiteti professori Nivedita Das Kundu, Latviyaning RISEBA universiteti professori Muhammad Ramzan Ali, Qozog‘iston Respublikasi vakili Erkin Baydarov, Hindistondan Beena Kirad va Anoop Kadavath, Qirg‘izistonning Osh davlat universiteti vakili Saikal Ibraimova kabi xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi.

Anjumanda “Ekologiya sohasidagi xalqaro hamkorlik: muammo va yechimlar”, “Ekologik siyosat va iqtisodiy aloqalar”, “Ijtimoiy ahamiyat va ekologik savodxonlik”, “Zamonaviy ekologik siyosatning huquqiy asoslari” kabi to‘rtta sho‘ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Unda milliy va xorijiy olimlar, soha mutaxassislari, vazirlik va idoralar vakillari hamda talabalar ishtirok etdilar.

 

 

Tadbir doirasida “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturi, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, joriy yilning 4–5 aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilgan iqlim forumi, COP28 hamda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi kun tartibiga kiritilgan masalalar tahlil qilindi.

Anjuman davomida ekologik xavf-xatarlarni bartaraf etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va innovatsion yechimlar ishlab chiqish borasida taklif va tavsiyalar ilgari surildi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube