YANGI TALABALAR TURAR JOYI QURILISH JARAYONI BILAN TANISHILDI
15-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet rahbariyati vakillari bilan birgalikda Zakovat ko‘chasi, 7-uy hududida barpo etilayotgan yangi talabalar turar joyi qurilish maydoniga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ob’ektda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, bunyodkorlik jarayonining bugungi holati hamda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Qayd etilganidek, qurilish ishlari izchil davom etmoqda. Binoning asosiy qismi qad rostlagan bo‘lib, ichki va tashqi pardozlash hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Rektor Ilxomjon Tuxtasinov qurilish ishlarining sifatini doimiy nazorat qilish, zamonaviy qurilish me’yorlari va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish, talabalar uchun barcha qulayliklarga ega, zamonaviy va shinam talabalar turar joyini barpo etish muhimligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, mas’ullarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash, har bir bosqichni tizimli nazorat qilish hamda ob’ektni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur loyiha universitet infratuzilmasini rivojlantirish, talabalarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash va ularga zamonaviy hamda qulay muhit yaratishga qaratilgan muhim bunyodkorlik loyihalaridan biri hisoblanadi.
2026-06-17 12-10