16-iyun kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Rossiyaning Shimoliy (Arktik) federal universiteti vakillari o‘rtasida onlayn muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvda Shimoliy (Arktik) federal universitetining O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor o‘rinbosari Ivanova Yelena Yevgenyevna, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Pirogova Svetlana Vladimirovna, Ijtimoiy-gumanitar fanlar va xalqaro kommunikatsiya oliy maktabi direktori Zareskaya Oksana Valeryevna, ushbu maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Vorobyeva Yelena Ivanovna, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi rekruting bo‘limi boshlig‘i, Markaziy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan ilm-fan va ta’limda hamkorlik bo‘yicha koordinatori Golomidova Polina Sergeyevna hamda Ingliz filologiyasi, shimoliy mamlakatlar tillari va lingvodidaktika kafedrasi mudiri Pechinkina Olga Vladislavovna ishtirok etdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A. Nasirov universitet faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berar ekan, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, xususan universitetda shved tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Ye. Ivanova Shimoliy (Arktik) federal universitetida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish borligini bildirar ekan, shved va fin tillari bo‘yicha mutaxassislarni O‘zDJTUga jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
O. Pechinkina esa universitetda 1998-yildan buyon o‘qitilib kelinayotgan fin tili ayni paytda o‘qitilmayotganini qayd etar ekan, ayni vaqtda aspiranturada tahsil olayotgan fin tili o‘qituvchisiga O‘zDJTUning takliflari yetkazilishini ta’kidladi.
Tomonlar ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, talabalar uchun amaliyot va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tarmoq ta’lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar navbatdagi muloqotlarda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va muhokama qilishga kelishib oldilar.