AQSHning Baskerville instituti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-yil 6-mart kuni AQSHning Baskerville instituti direktori Bahman Bakhtiari va uning yordamchisi Tomas Pakham bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda bo‘lim yetakchi mutaxassisi K. Alimova ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov universitet faoliyati, uning xalqaro reytinglardagi o‘rni hamda xalqaro hamkorlik aloqalari haqida qisqacha ma’lumot berdi. O‘z navbatida, Bahman Bakhtiari Baskerville instituti faoliyati, shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari, jumladan Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat chet tillari instituti, Namangan davlat chet tillari instituti hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritdi.

AQSH tomoni Yuta universitetida 89 ta xorijiy til o‘qitilishini ta’kidlab, ushbu universitet bilan hamkorlik qilish O‘zDJTU uchun manfaatli bo‘lishini qayd etdi.
Shuningdek, Bahman Bakhtiari joriy yil aprel oyi oxirida tashkil etilishi rejalashtirilgan “Til, adabiyot va huquq: madaniyatlararo muloqot va tinchlik o‘rnatish yo‘lida” mavzusidagi xalqaro konferensiya haqida ma’lumot berdi. Mazkur anjumanda til ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston, AQSH va boshqa xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda. Ta’kidlanishicha, tadbirda Prezident Administratsiyasi, vazirlik va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtiroki ham ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘qituvchilar uchun onlayn va oflayn seminar-treninglar tashkil etish, talabalarning almashinuv dasturlarida ishtirokini yo‘lga qo‘yish, chet tillarini o‘qitishda Baskerville institutining elektron platformasidan foydalanish hamda boshqa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildilar.