Britaniya Kengashining PRESETT dasturi doirasidagi Milliy forum ishini boshladi

Bugun, 2026-yil 6-yanvar kuni Toshkent shahrida Britaniya Kengashining PRESETT dasturi doirasida “National Forum on the Modernisation of English Language Education” mavzusidagi milliy forum ishini boshladi. Tadbir O‘zbekistonda ingliz tili ta’limini, xususan bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan.

Forum Britaniya Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Unda mamlakat bo‘ylab bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlovchi 50 dan ortiq davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan 220 nafardan ziyod mutaxassislar ishtirok etmoqda.

 

 

Mazkur forum ishida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov ham ishtirok etib, bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashda ta’lim dasturlarini zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirish, refleksiv amaliyot, inklyuziv ta’lim va raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish masalalarining dolzarbligiga e’tibor qaratdi.

Forumdan ko‘zlangan yana bir muhim maqsad O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi PRESETT mutaxassislari tarmog‘ini kuchaytirish, ularning o‘zaro tajriba va malakalarini almashishiga ko‘maklashish hamda kasbiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Forum doirasida PRESETT tizimini modernizatsiya qilishdagi ustuvor yo‘nalishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, refleksiv amaliyot, inklyuziv ta’lim hamda PRESETT amaliyotlar hamjamiyati faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

 

 

Milliy forum 8-yanvar kuniga qadar davom etadi. Tadbir doirasida o‘qituvchilarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan CPD Xab ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ta’kidlash joizki, PRESETT dasturining asosiy akademik hamkori Buyuk Britaniyaning Norvich til ta’limi instituti hisoblanadi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube