Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A. Matyakubov hamda dekan muovini D. Xoshimova tashabbusi bilan talaba-yoshlar oʻrtasida kiberxavfsizlik va axborot xavfsizligi masalalariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Mazkur uchrashuvda Chilonzor tumani IIO FMB ATSJOOB tizimida faoliyat olib borayotgan malakali mutaxassislar — katta leytenant Eshpoʻlatova Sevinch Akbarjon qizi, katta leytenant Yuldashev Abdurashid Rustam oʻgʻli hamda leytenant Mamatkulov Xayrulla Tursunpulatovich ishtirok etdilar. Mehmonlar tomonidan internet tarmogʻida uchrayotgan kiberjinoyatlar, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy maʼlumotlarning noqonuniy tarqalishi, onlayn firibgarlik va yolgʻon axborotlarga qarshi kurashish masalalari yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, davra suhbati davomida talabalar uchun kundalik hayotda kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish, shaxsiy akkauntlarni himoyalash, kuchli parollardan foydalanish hamda shubhali havolalardan ehtiyot boʻlish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi. Uchrashuv interaktiv ruhda oʻtib, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq va tushunarli javoblar oldilar.
Mazkur tadbir yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, axborot makonida masʼuliyatli va ongli harakat qilish koʻnikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.