Forum doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Universidad Pablo de Olavide o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuv doirasida tomonlar ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy va akademik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Shuningdek, talabalar uchun amaliyot o‘tash va tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, akademik mobillikni rivojlantirish hamda xalqaro ta’lim standartlari asosida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Tomonlar, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar kasbiy malakasini oshirishga qaratilgan qo‘shma seminarlar, treninglar va ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlash hamda zarur axborot va tajriba almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.
Kelishuvga muvofiq, har bir aniq loyiha, akademik almashinuv dasturi yoki qo‘shma tashabbus bo‘yicha keyinchalik alohida maxsus shartnomalar (Konvenio Espefisiko) imzolanishi nazarda tutiladi. Ushbu memorandum o‘z-o‘zidan aniq loyihalarni boshlashni anglatmaydi, balki kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari uchun huquqiy asos sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, hamkorlik jarayonini samarali tashkil etish maqsadida qo‘shma muvofiqlashtiruvchi komissiya tashkil etildi. Unga Pablo de Olavide universiteti tomonidan Marian Moron Martin, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan esa professor Dilrabo Baxronova vakil etib belgilandi.
Tomonlar o‘rtasida imzolangan memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va har yili avtomatik ravishda uzaytirib boriladi.

Ma’lumot uchun:
Universidad Pablo de Olavide — Ispaniyaning Sevilya shahrida joylashgan davlat universiteti bo‘lib, 1997-yilda tashkil etilgan. Universitet san’at va gumanitar fanlar, ijtimoiy fanlar, tabiiy fanlar, muhandislik hamda sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura dasturlarini taklif etadi. Hozirda unda taxminan 10 000 nafar talaba tahsil oladi.