O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yangi hamkorlik hujjatlari imzolandi

 

Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston–Britaniya Ta’lim Forumi” doirasida bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu muloqotlar natijasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va xorijiy hamkorlar o‘rtasida yangi kelishuvlarga erishildi.

 

Jumladan, Norij til ta’limi instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari uchun Kembridj universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan CELTA dasturi doirasida malaka oshirish kurslarini tashkil etish haqidagi shartnoma imzolandi. Shu bilan birga, Portsmut universiteti bilan ingliz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil qilishga oid shartnoma ham tuzildi.

 

Imzolangan hujjatlar Britaniyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish, zamonaviy o‘quv dasturlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish orqali ta’lim sifatini oshirish va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Forum doirasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori O. Yusupov Leeds universiteti rahbarlari bilan ham uchrashib, o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. QS World University Ranking reytingida Lingvistika yo‘nalishi bo‘yicha 201–300-o‘rinni egallagan O‘zDJTU bilan ushbu nufuzli universitet vakillari til ta’limi, ilmiy-amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish borasida hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.

 

“O‘zbekiston–Britaniya Ta’lim Forumi” O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Buyuk Britaniyaning qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube