10-sentyabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Braziliya elchixonasining Fan, texnologiya va innovatsiyalar sektori rahbari Fabiano Burkhard bilan Zoom orqali uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mazkur uchrashuvda OʻzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Roman-german filologiyasi fakulteti dekani X. Hakimov, Ispan tili kafedrasi mudiri, professor D. Baxronova, shuningdek, Braziliyaning nufuzli Kampinas universitetidan tashrif buyurgan filologiya fanlari doktori, professor Simone Tiame Xashiguti ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, qo‘shma taʼlim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi. Xususan, OʻzDJTUda portugal tilini o‘qitishni izchil davom ettirish, uning taʼlim tizimidagi mavqeini yanada mustahkamlash, hamda zamonaviy darsliklar yaratish va qo‘llash bo‘yicha aniq tashabbuslar ilgari surildi. Oʻzbekiston va Braziliya oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy konferensiyalar, seminarlar, madaniy va sport tadbirlarini tashkil etish borasida ham fikrlar almashildi.
Mamlakatimizda portugal tili taʼlimi ilk bor yoʻlga qoʻyilishi bevosita ikki davlat – Oʻzbekiston va Braziliya oʻrtasidagi madaniy, ilmiy va taʼlimiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qayd etish kerakki, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkazishga doir hukumat qarori ijrosi doirasida OʻzDJTU delegatsiyasi rektor Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligida Braziliya va Argentinaga xizmat safarida boʻlib qaytgan edi. Ushbu safar davomida Oʻzbekiston madaniyati ushbu mamlakatlarda keng targʻib qilingan hamda yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan qator hamkorlik shartnomalari imzolangan edi. Eng muhimi, hamkorlik bitimlari oʻzining amaliy natijalarini muntazam namoyon etib kelmoqda.
Mazkur uchrashuv, aynan shunday natijalarning yorqin dalilidir.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda portugal tilida 260 milliondan ortiq inson soʻzlashib, u dunyodagi 8 ta mamlakatning davlat tili va Yevropa Ittifoqi kabi nufuzli tashkilotlarning rasmiy tili hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda portugal tili taʼlimining yoʻlga qoʻyilishi diplomatiya, iqtisodiyot, xalqaro huquq, madaniyat va turizm kabi sohalarda ham yoshlarimiz uchun keng istiqbollarni ochib beradi, ularning xalqaro maydondagi imkoniyatlarini kengaytiradi, global raqobatbardoshlikni oshirishda ham muhim qadamlardan biri boʻlib xizmat qiladi.