O‘zDJTU delegatsiyasi Ispaniyaga yetib bordi va O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligida Ispaniya Qirolligining Madrid shahriga yetib bordi. Delegatsiya O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurdi.
Forum 9–13-iyun kunlari Madrid va Barselona shaharlarida o‘tkazilmoqda. Unda ikki mamlakatning yetakchi universitetlari rahbarlari, ta’lim tashkilotlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar qatnashib, oliy ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda.

10-iyun kuni Madrid shahridagi Rey Xuan Karlos universiteti (URJC) Vikalvaro kampusida forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli tadbirda Rey Xuan Karlos universiteti rektori Abraham Duarte Munyos, O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farrux Tursunov, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti rektori hamda Xalqaro reyting ekspertlari guruhi (IREG) vitse-prezidenti Komiljon Karimov, shuningdek, Ispaniya Ta’limni xalqarolashtirish xizmati (SEPIE) Oliy ta’limni xalqaro targ‘ib qilish bo‘limi rahbari o‘rinbosari Fatima Terol ishtirok etdi.
Ochilish marosimini Fatima Terol boshlab berib, forum ishtirokchilarini samimiy qutladi hamda mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Ispaniya universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi. Shundan so‘ng O‘zbekistonning Ispaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farrux Tursunov so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbir davomida Komiljon Karimov xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish va universitetlararo tajriba almashinuvini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr bildirdi. Rey Xuan Karlos universiteti rektori Abraham Duarte Munyos esa O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zDJTU delegatsiyasi ham faol ishtirok etdi. Delegatsiya vakillari forum doirasida tashkil etilayotgan sessiyalar, uchrashuvlar va muhokamalarda qatnashib, universitetning xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi tashabbuslarini ilgari surmoqda.
