OʻzDJTU “Global Sustainable Development Congress-2025”da: Yangi aloqalar, yangi imkoniyatlar
2025-yil 16–19 iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tayotgan Global Sustainable Development Congress-2025 dasturida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro kongress dunyo oliy ta’lim muassasalari, ilmiy doiralar va barqaror taraqqiyot bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, ta’lim va ilm-fanni barqaror taraqqiyot yo‘lida birlashtirishga xizmat qilmoqda.
17-iyun kuni kongressning ikkinchi kuni bo‘lib oʻtdi va unda dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari va taniqli olimlar ishtirokida davra suhbatlari, mahorat darslari hamda ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Universitetimiz delegatsiyasi ushbu sessiyalarda ishtirok etib, global barqarorlik, ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlarida ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishdi.
Alohida e’tiborga molik voqealardan biri sifatida, 17-iyun kuni Times Higher Education (THE) nashriyotining Global ishlari bo‘yicha bosh direktori va World University Rankings reytingining asoschilaridan biri bo‘lgan Phil Baty tomonidan Impact Rankings bo‘yicha maxsus ma’ruza taqdim etildi. Ushbu sessiyada OʻzDJTU vakillari qatnashib, xalqaro reytinglar, baholash mezonlari hamda barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlari yuzasidan dolzarb ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Tadbirlar davomida universitetimiz delegatsiyasi va janob Phil Baty bilan qisqa suhbat o‘tkazildi.
Suhbat davomida oloygohda amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro reytinglardagi o‘rinni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar va erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida, janob Bety universitetimiz vakillarini ko‘rib turganidan mamnun ekanligini bildirib, tez orada OʻzDJTU dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy olishiga ishonishini ta’kidladi.
Kunning ikkinchi yarmida universitetlar ko‘rgazmalari davom ettirilib, bir qator xalqaro ta’lim muassasalari bilan iliq aloqalar o‘rnatildi va hamkorlik ufqlari kengaytirildi.
Mazkur kongress Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlash, xorijiy hamkorlik tarmoqlarini kengaytirish va reytinglardagi ko‘rsatkichlarini oshirish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.