OʻzDJTU Indoneziyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirmoqda
3-iyul kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Indoneziyaning Surabaya davlat universiteti Vasiylik kengashi raisi, Xasim Asyari universiteti rektori, professor Haris Supratno hamda Surabaya davlat universiteti Labskul maktabi direktori, mazkur maktabning Taʼlim sifati nazorati boʻlimi boshligʻi doktor Ima Vidyanah xonim ishtirokida navbatdagi uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot davomida tomonlar ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Xususan, OʻzDJTUda indonez tili va boshqa xorijiy tillarni oʻqitishni takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalarning malakasini oshirish, akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarni birgalikda tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida Indoneziya tomoni hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, yangi oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining 20 nafar talabasi uchun Surabaya davlat universitetida magistratura bosqichida tahsil olish imkonini beruvchi grantlar ajratilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, Surabaya davlat universitetining 2 nafar talabasi hamda indonez tili oʻqituvchisi akademik almashinuv dasturi doirasida OʻzDJTUga yuborilishi rejalashtirilayotgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Indoneziyaning BIPA (Bahasa Indonesia bagi Penutur Asing) dasturi doirasida ajratiladigan grantlar asosida OʻzDJTUda indonez tilini oʻrganayotgan talabalarni Surabaya davlat universiteti va Indoneziyaning boshqa yetakchi oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirish hamda til amaliyotini oʻtash uchun yuborish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Surabaya davlat universiteti, shuningdek, Xasim Asyari universiteti oʻrtasida Anglashuv memorandumlari imzolandi.
Mazkur kelishuvlar ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvini kengaytirish, qoʻshma taʼlim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro taʼlim maydonidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.