OʻzDJTU va Dalian texnologiya universiteti oʻrtasida akademik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Dalian texnologiya universiteti oʻrtasida "Akademik hamkorlik toʻgʻrisida" memorandum imzolandi.
Mazkur memorandum ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, taʼlim sifatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun yangi akademik imkoniyatlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Memorandumga muvofiq, 2024/2025-oʻquv yilidan boshlab "Xitoyshunoslik" va "Biznes boshqaruvi" yoʻnalishlari boʻyicha 2+2 formatidagi qoʻshma taʼlim dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Dastur doirasida talabalar dastlabki ikki yilni OʻzDJTUda, keyingi ikki yilni esa Dalian texnologiya universitetida tahsil olib, ikki tomonlama kelishuv asosida taʼlimni muvaffaqiyatli yakunlaydilar.
Shuningdek, OʻzDJTU hamda Dalian texnologiya universiteti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish yuzasidan alohida ikki tomonlama shartnoma imzolanishi koʻzda tutilgan. Unga muvofiq, dastur ishtirokchilari 3–4-bosqichlarda Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi huzuridagi Til taʼlimi va hamkorlik markazi granti asosida Dalian texnologiya universitetida bepul taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida OʻzDJTU Sharq filologiyasi fakulteti negizida quyidagi yoʻnalishlarda keng qamrovli akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan:
• talabalar almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish hamda ularning hamkor universitetlarda amaliyot oʻtashlarini tashkil etish;
• yozgi va qishki maktablar hamda xalqaro talabalar lagerlarini oʻtkazish va talabalar almashinuvini rivojlantirish;
• professor-oʻqituvchilar almashinuvini tashkil etish, ularning maʼruzalar, amaliy mashgʻulotlar, seminarlar, malaka oshirish kurslari va ilmiy tadbirlarda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlash;
• professor-oʻqituvchilar oʻrtasida ilmiy tadqiqotlar olib borish va oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarda ilmiy hamkorlikni kengaytirish;
• Xitoy va Oʻzbekiston taʼlim organlarining tegishli qarorlari asosida Xitoy–Oʻzbekiston qoʻshma bakalavriat taʼlim dasturlarini amalga oshirish;
• oʻzaro manfaatli boshqa taʼlim, ilm-fan va innovatsion yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish;
• Dalian texnologiya universiteti tomonidan OʻzDJTU Sharq filologiyasi fakultetini xitoy tilidagi oʻquv va ilmiy adabiyotlar bilan taʼminlash hamda zamonaviy kutubxona tashkil etish.
Mazkur memorandum OʻzDJTUning xalqaro hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirish, talabalar uchun xorijda sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini oshirish, professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi taʼlim sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-07-16 04-03