O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Université Sorbonne Paris Nord o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) va Université Sorbonne Paris Nord (USPN) o‘rtasida ilmiy-akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim kelishuv imzolandi. Ushbu bitim ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda nashrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Kelishuv doirasida quyidagi asosiy muhim yo‘nalishlar belgilandi:
- O‘qituvchilar, tadqiqotchilar va ma’muriy xodimlar almashinuvi;
- Talabalar almashinuvi dasturlarini tashkil qilish;
- Qo‘shma ilmiy loyihalar va tadqiqotlarni amalga oshirish;
- Ilmiy maqolalar va nashrlarni hamkorlikda chop etish;
- Qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va doktorantura dissertatsiyalarini birgalikda boshqarish.
Mazkur hamkorlik doirasida ikki universitet talabalari va professor-o‘qituvchilari Fransiya hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ma’lum muddat davomida ta’lim olish va ilmiy faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Talabalar almashinuvi va moliyaviy shartlar:
Talabalar almashinuvi dasturi doirasida O‘zDJTU va USPN talabalari bir yoki ikki semestr davomida qabul qiluvchi universitetda tahsil olishlari mumkin. Talabalar o‘z universitetida kontrakt to‘lovlarini amalga oshiradi va qabul qiluvchi universitet tomonidan to‘lovlardan ozod etiladi. Shu bilan birga, har ikki tomon talabalarning ilmiy yo‘nalish bo‘yicha to‘plagan kreditlarini tan olish va ularning ta’lim jarayonini moslashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Bundan tashqari, ikki tomonning professor-o‘qituvchilari ham o‘z ilmiy izlanishlarini rivojlantirish maqsadida akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etishlari mumkin. Ularning lavozimi va maoshi o‘z universiteti tomonidan saqlab qolinadi. Ilmiy tadqiqotlar va qo‘shma nashrlar: Memorandum doirasida ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, yangi ilmiy natijalar har ikkala universitetga teng tegishli bo‘lib, bu natijalar xalqaro ilmiy jurnallarda nashr etiladi. Har ikki tomon o‘z ilmiy anjumanlarini tashkil etish, tadqiqot natijalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va ilmiy ma’lumotlarni birgalikda yaratish masalasida kelishib oldi.
Mazkur hamkorlik nafaqat O‘zDJTU talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, balki universitetning xalqaro nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi. Bu esa kelajakda O‘zbekiston ta’lim tizimining globallashuvi va xalqaro maydonda raqobatbardoshligini ta’minlashga hissa qo‘shadi.