O‘zDJTU va Universiti Sains Malaysia o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
 

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili 2-fakulteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha dekan muovini Begmatova Sohiba Mustafoyevna hozirgi kunda Malayziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Universiti Sains Malaysia (USM)ning Til, savodxonlik va tarjima maktabi (The School of Language, Literacies and Translation)da amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

 

 

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zDJTU hamda USM universitetlari rektorlari tomonidan imzolangan hamkorlik shartnomasini amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma o‘quv, ilmiy-tadqiqot hamda madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Universiti Sains Malaysia (USM) jahon universitetlari reytingida nufuzli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, QS World University Rankings 2026 reytingiga ko‘ra, USM jahon miqyosida 134-o‘rinni egallagan bo‘lib, bu mingdan ortiq universitetlar orasida yuqori natija hisoblanadi. Shuningdek, universitet 2024-yilda 137-o‘rin, 2025-yilda esa 146-o‘rinni qayd etgan. Bundan tashqari, USM Times Higher Education Impact Rankings reytingida barqaror rivojlanish maqsadlariga qo‘shgan hissasi bo‘yicha dunyo miqyosida 14-o‘rinni egallagan.
USM tarkibidagi The School of Language, Literacies and Translation tillar, savodxonlik, tarjima va madaniyatlararo muloqot sohalarida ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi yetakchi akademik maktablardan biri hisoblanadi. Maktabda ingliz tili, xorijiy tillar, tarjima va tilshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat, magistratura hamda doktorantura dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

 

 

Hamkorlik uchrashuvida maktab rahbariyati va yetakchi mutaxassislari, jumladan, akademik ishlar, karyera va xalqaro aloqalar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Janob Azril Ali, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar hamda sanoat va jamiyat bilan hamkorlik yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul doktor Manjet Kaur Mehar Singh, xorijiy tillar dasturi rahbari doktor Li Pin Ling hamda ingliz tili yo‘nalishi vakili En. Van Azri Van Hamid ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida S. Begmatova tomonidan taqdim etilgan qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik mobillik, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, xalqaro grantlar hamda madaniy-ta’limiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan istiqbolli hamkorlik takliflari USM vakillari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi va ijobiy baholandi.

Mazkur amaliy tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim va ilm-fan sohasida uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube