O‘zDJTU vakillari III Qirg‘iziston -O‘zbekiston oliygohlari rektorlari forumining sho‘ba yig‘ilishlarida faol ishtirok etdi

O‘zDJTU vakillari III  Qirg‘iziston -O‘zbekiston oliygohlari rektorlari forumining sho‘ba yig‘ilishlarida faol ishtirok etdi

Qirg‘iziston Respublikasining Issiqko‘l shahrida bo‘lib o‘tayotgan III Qirg‘iziston -O‘zbekiston oliygohlari rektorlari forumi doirasida kunning ikkinchi yarmida sho‘ba yig‘ilishlari o‘z ishini davom ettirdi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti vakillari “Ta’lim, fan va biznes integratsiyasi – zamonaviy universitetning barqaror rivojlanish asosi” mavzusiga bag‘ishlangan 1-sho‘ba yig‘ilishida ishtirok etdilar. Yig‘ilish davomida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlash, dual ta’lim tizimini joriy etish, oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnoparklar faoliyatini takomillashtirish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda universitetlarning o‘rni va mas’uliyati yuzasidan fikr almashildi.

Sho‘ba yig‘ilishida O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitetda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, strategik rivojlanish maqsadlari hamda istiqboldagi rejalar haqida ma’ruza qilib, ishtirokchilar bilan o‘z tajribasi va takliflarini o‘rtoqlashdi. Muhokamalar ochiq muloqot va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Ma’ruzachilar ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berib, dolzarb masalalar yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdilar.

Shuningdek, forum doirasida “Universitetlararo hamkorlik: akademik integratsiya va mobillik” mavzusidagi navbatdagi sho‘ba yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishda o‘quv dasturlarini sinxronlashtirish, akademik mobillikni rivojlantirish, talaba, ilmiy tadqiqotchi va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, onlayn kurslar va virtual laboratoriyalar uchun yagona platforma yaratish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rahbarlari O‘zbekistonda oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirdilar.

Sho‘ba yig‘ilishlari yakunida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berib, O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda oliy ta’limning jahon ta’lim makoniga integratsiyalashuvi borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube