OʻzDJTUda Jeju milliy universiteti vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

OʻzDJTUda Jeju milliy universiteti vakillari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 27-iyul kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov Koreya Respublikasining Jeju viloyati hamda Jeju milliy universiteti vakillarini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida mehmonlarga universitet faoliyati, soʻnggi yillarda erishilgan yutuqlar va xalqaro hamkorlik yoʻnalishidagi natijalar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Muloqot davomida OʻzDJTUda koreys tilini oʻqitish tizimi 1995-yildan buyon izchil rivojlantirib kelinayotgani, Koreyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorlik aloqalari hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan universitetga koʻrsatilayotgan oʻquv-uslubiy va amaliy koʻmak alohida taʼkidlandi.  

Xususan, KOICA tomonidan koreys tili, adabiyoti va madaniyatini oʻqitish sifatini yanada takomillashtirish maqsadida 1 116 000 AQSH dollari miqdorida grant ajratilgani, shuningdek, malakali tarjimonlar tayyorlash uchun ikkita sinxron tarjima laboratoriyasini tashkil etishga koʻrsatilgan moliyaviy koʻmak universitet va Koreya oʻrtasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi ekani qayd etildi.

Shuningdek, Jeju milliy universitetiga OʻzDJTU professor-oʻqituvchilari va talabalari uchun yozgi maktablar hamda stajirovka dasturlarini tashkil etishda koʻrsatib kelayotgan amaliy yordami uchun minnatdorlik bildirildi.

Oʻz navbatida, Koreya tomoni hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, OʻzDJTU tomonidan ilgari surilgan qoʻshma taʼlim dasturlari hamda kasb-hunarga yoʻnaltirilgan taʼlim loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar taʼlim va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, akademik almashinuvni kengaytirish hamda istiqboldagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashdilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube