O‘zDJTUda Prezident Murojaatnomasiga bag‘ishlangan yil boshı yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yil boshiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov rahbarlik qildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha ma’ruza qildi.

Tadbirda universitet rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, Murojaatnomada aks etgan iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim, innovatsiya, raqamlashtirish, ekologik muvozanat va inson kapitalini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Prezentatsiya orqali davlat siyosatidagi muhim yo‘nalishlar oliy ta’lim tizimi, xususan universitet faoliyati bilan uzviy bog‘lab tushuntirib berildi.

Universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov o‘z ma’ruzasida mamlakatimizda so‘nggi yillarda erishilgan iqtisodiy va ijtimoiy yutuqlar, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotgani, ta’lim va ilm-fanga qaratilayotgan yuksak e’tibor masalalariga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, universitet oldida turgan muhim vazifalar — ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari belgilab berildi.

Yig‘ilish davomida universitetning 2025 yilda erishgan asosiy yutuqlari, jumladan, ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish, ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Shu bilan birga, 2026 yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar va istiqboldagi rejalar muhokama qilinib, ularni izchil va samarali amalga oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olindi.

Mazkur yig‘ilish Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni universitet miqyosida tizimli amalga oshirish, ta’lim va ilmiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqish hamda O‘zDJTU salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim tashkiliy va mazmuniy bosqich bo‘ldi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube