O‘zDJTUda talabalar xavfsizligi va profilaktik ishlar holati o‘rganildi

O‘zDJTUda talabalar xavfsizligi va profilaktik ishlar holati o‘rganildi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlarni samarali tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi.

Bugun universitetda Uchtepa tumani prokuraturasi ishchi guruhi vakillari hamda O‘zDJTU rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida mazkur yo‘nalishdagi ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov tomonidan talabalar xavfsizligini ta’minlash, ularning murojaatlari bilan ishlash, hududlarda osoyishtalikni saqlash hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, talabalar turar joylarida xavfsizlikni ta’minlash, talabalar davomati va ijtimoiy holatini monitoring qilish, profilaktik tadbirlarni manzilli tashkil etish hamda mas’ullar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ishchi guruh vakillari universitetning tegishli obyektlari va talabalar turar joylarida bo‘lib, xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan mavjud tizim, nazorat mexanizmlari va profilaktik ishlarning tashkil etilishi bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganish jarayonida mavjud holat tahlil qilinib, aniqlangan masalalarni bartaraf etish, talabalar xavfsizligini yanada mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube