Rektor Ilxomjon Tuxtasinov talabalar ijara uylaridagi yashash sharoitlarini o‘rganishda davom etmoqda
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov universitet rahbariyati vakillari bilan birgalikda ijara uylarida istiqomat qilayotgan talabalarning yashash sharoitlarini joyiga chiqqan holda o‘rganishda davom etmoqda.
Navbatdagi tashrif davomida talabalar yashayotgan xonadonlarning tozaligi, sanitariya holati, isitish tizimlari, jumladan, is gazidan foydalanishdagi xavfsizlik choralari, elektr va gaz jihozlaridan foydalanish holati atroflicha ko‘zdan kechirildi. Xavfsizlik masalalarida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning kundalik turmushi, mavjud muammolari va takliflari tinglandi. Bildirilgan masalalar yuzasidan amaliy tavsiyalar berilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Rektor tashrif yakunida talabalar yashash joylarida tozalik, ozodalik va xavfsizlikni ta’minlash ularning salomatligi va ta’lim jarayoni samaradorligi uchun muhim ekanini qayd etib, bu yo‘nalishdagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilishini bildirdi.