Talabalarga grantlarni taqdim etish tartibi bo‘yicha tushuntirish ishlari davom etmoqda
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Jumladan, Roman-german filologiyasi, Ingliz filologiyasi va Sharq filologiyasi fakultetlarida ushbu mavzuga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuvlar tashkil etildi. Tadbirlarda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor M.Chutpulatov, O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, fakultet dekanlari, ularning o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda 1-kurs talabalari ishtirok etishdi.
Uchrashuvlar davomida grantlar bilan bog‘liq amaldagi tartiblar, ularni taqdim etish va qayta taqsimlash mezonlari hamda bu jarayondagi asosiy mezonlar bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, talabalar tomonidan yo‘llangan mavzuga doir savollarga hamda ta’lim jarayoniga oid boshqa masalalarga atroflicha javoblar qaytarildi.
Mazkur tadbirlar talabalarning huquqiy savodxonligini oshirish, shaffof va adolatli ta’lim tizimini shakllantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.