2025-yil 15-dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Buyuk Britaniyaning Leeds universiteti hamkorligida “Promoting inclusiveness through gender-aware pedagogy in second-language writing assessment” mavzusidagi xalqaro loyiha doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zDJTU rektori I.M. To‘xtasinov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor O. Yusupov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i K. Muradkasimova, xalqaro hamkorlik boʻlimi boshlig‘i X. Yuldashev hamda Buyuk Britaniyaning Leeds universiteti vakillari — professor Diana Pecorari va professor McCray ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga universitet faoliyati, ta’lim jarayoni va mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Rektor I.M. Tuxtasinov universitetning turli sohalarda hamkorlikka ochiq ekanligini ta’kidladi va ilmiy-pedagogik faoliyat hamda xalqaro loyihalarning istiqbollari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, loyiha doirasida kelgusi istiqbollar, kutilayotgan natijalar va ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘llari muhokama qilindi.
Uchrashuv samarali tarzda o‘tib, taraflar o‘rtasidagi ilmiy va pedagogik almashinuvlarni rivojlantirishga zamin yaratdi.
Ma’lumot uchun: “Promoting inclusiveness through gender-aware pedagogy in second-language writing assessment” loyihasining asosiy maqsadi — Qirg‘iziston va O‘zbekiston universitetlari bilan yanada mustahkam hamkorlikni rivojlantirish hamda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash (PRESETT) sohasida barqaror o‘zgarishlarga hissa qo‘shishdir.
Loyihada, xususan, ikkinchi til sifatida ingliz tilini o‘qitishda talabalar yozuv malakasini baholashda gender tengligi masalalarini hisobga olib, o‘qituvchilarning fikr-mulohazalarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.