Til — millatni millat sifatida koʻrsatadigan, milliy oʻzlikni ifodalaydigan, tarixiyu bugunini bogʻlaydigan vosita. Shu maʼnoda, tilni asrash, sof oʻzbek tilining barcha jabhalarda birdek qoʻllanishini taʼminlash barchamiz uchun birdek muhim. Dunyoda 7 mingga yaqin til boʻlsa, biz uchun eng ardoqlisi, milliy tilimiz — oʻzbek tilidir.

Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaymoqda. Mustaqil davlatchilik ramzi, nodir maʼnaviy boyligimiz, yurtimizning iqtisodiy-siyosiy ijtimoiy-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida muhim oʻrin egallab kelayotgan buyuk qadriyat — ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish barchamizning zimmamizdagi yuksak vazifadir.

Bugungi kunga kelib, xorijiy davlatlarda ham oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni keng yoʻlga qoʻyib, oʻzbek tilini chet mamlakatlarda targʻib qilishda munosib hissa qoʻshyapti. Shuningdek, xorijlik talabalar hamda mutaxassislar bizning universitetimizda oʻzbek tilida  ravon soʻzlashishni oʻrganmoqda. Bundan har qancha faxrlansak arziydi. 

Barchangizni chinakam milliy tantanamiz, gʻurur va iftixorimiz boʻlgan Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. 

Ona tilimiz ruhiyatimizga nur, tafakkurimizga yogʻdu, qalbimizga gʻurur baxsh etib abadiy gullab yashnasin!

Oʻzbek tili bayrami yana bir bor muborak boʻlsin!

                                                                                                                                            Hurmat bilan, OʼzDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube