O‘zDJTUda grossmeyster bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Grossmeyster bilan uchrashuv” tadbiri hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va “SkyChess” shaxmat akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar, ishchi-xodimlar, 50 nafardan ortiq talaba-yoshlar hamda Uchtepa tumanidagi mahallalardan tashrif buyurgan 100 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon Tuxtasinov rasmiy ravishda ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda yoshlarni intellektual jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shaxmat sport turini ommalashtirish hamda iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, shaxmat strategik fikrlash, tahlil qilish, sabr-toqat va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantiruvchi muhim intellektual sport turi ekanini alohida ta’kidladi.
Tadbirning faxriy mehmoni — O‘zbekistonning taniqli shaxmatchisi, xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. U o‘zining shaxmatdagi faoliyati, xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, erishgan yutuqlari hamda muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘li haqida so‘zlab berdi. Talabalar, tyutorlar va yosh o‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytarildi.
Shundan so‘ng universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov hamda “SkyChess” shaxmat akademiyasi direktori tomonidan shaxmat taxtasida ramziy birinchi yurish amalga oshirilib, musobaqalarga rasmiy start berildi.
2026-06-26 09-21