Аssalomu alaykum qadrli ustoz va murabbiylar, hurmatli mehmonlar!

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev ustoz va murabbiylarning mashaqqatli mehnatini eʼtirof etib: “Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan boʼlsa, ularda qadrdon oʼqituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi” deydi. Darhaqiqat shunday. Oʼqituvchi deganda eng avvalo zamon bilan hamqadam boʼlgan jonkuyar, ziyoli shaxs tushuniladi. Uchinchi Renessans poydevori ham bilim va maʼrifat ulashuvchi Ustozlar yaʼni, Sizning mehnatingiz bilan qoʼyiladi. Fursatdan foydalanib, Siz aziz Ustozlarni umumxalq bayrami – Oʼqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman!

Mamlakatda taʼlimni yangi bosqichga koʼtarish haqida gap borar ekan, Oʼzbekiston Respublikasida sohani, jumladan oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʼnalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʼor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi qabul qilindi. Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʼzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʼgʼri yoʼli” ekanligiga urgʼu berib, buning zamirida mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga qodir boʼlgan yetuk mutaxassislarni yetishtirish masalasi yotibdi. Shu nuqtai nazardan taʼlim “Yangi Oʼzbekiston uchun eng katta investitsiya” hisoblanadi va chuqur strategik ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda oliy taʼlim sohasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, soʼnggi yillarda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari soni 2,5 barobarga koʼpaydi, ularning umumiy soni 200 dan oshdi, qamrov darajasi esa 4 barobordan ziyodga – 9 foizdan 38 foizga ortdi. Universitet va institutlar oʼz jozibadorligini oshirish uchun shart-sharoit yaratilmoqda. Ularga akademik va moliyaviy mustaqillik berilmoqda. Ilmiy darajali va til sertifikatlariga ega professor-oʼqituvchilarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida ustamalar joriy etilgani ilm qilishga, pedagog boʼlishga intilayotgan yoshlar soni ortib borishiga sabab boʼlmoqda.

Oʼzbekiston OTMlari jahon reytinglaridan joy olishi uchun ilm, fanni rivojlantirish, sohaga innovatsiyani olib kirish va bu jarayonlarda professor-oʼqituvchilar faol boʼlishlari, zamonaviy, ilgʼor oʼqitish uslublarini joriy qilishlari zarurligini mamlakat rahbari oʼz nutqlarida bir necha bor taʼkidlagan edilar.

Sifatli taʼlimni amalga oshirish va yuqori natijalarga erishish nafaqat sohadagi mutaxassislardan balki jamiyatning har bir aʼzosidan katta masʼuliyat hamda fidoyilikni talab etadi. Shu maʼnoda, oʼqituvchi-pedagoglar maqomini yanada koʼtarish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, bir soʼz bilan aytganda taʼlim-tarbiya keng jamoatchilikning amaliy harakatiga aylanishi uchun keng koʼlamli ishlar ketmoqda.

XX asr boshida yashab ijod qilgan, oʼzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi soʼzlarni oʼz ichiga olgan bebaho lugʼat kitobini yaratgan maʼrifatparvar bobomiz Ishoqxon Ibrat hayoti va ijodi bugungi avlod uchun ham ibrat. Bugun Oʼzbekiston davlat jahon tillari universitetida maʼrifatparvar bobolarimiz yoʼlini davom ettirishga ahd qilgan, bir nechta tilda mukammal soʼzlasha oladigan, xorijiy til sertifikatlariga ega boʼlgan, hozirdanoq oʼz sohasida ish olib borayotgan isteʼdodli yigit-qizlar tahsil olmoqda. Bugun sizning zimmangizda har tomonlama komil, bilimli, ona yurt istiqboli va mamlakat kelajagi yoʼlida bel bogʼlagan, Yangi Oʼzbekistonni dunyoga tanitishga, xalqaro maydonda mamlakat imijini koʼrsatishga qodir boʼlgan mutaxassislar tayyorlashdek tarixiy missiya turibdi.

Аziz ustozlar! Barchangizga mana shu mashaqqatli, ammo sharafli yoʼlda olib borayotgan ilmiy va pedagogik faoliyatingizda hamda shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilash bilan birga, sizlarga mustahkam sogʼliq, oilaviy tinchlik va farzandlar kamolini koʼrish nasib etsin!

Hurmat bilan, OʼzDJTU rektori Ilhomjon Toʼxtasinov

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube