Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zDJTU universitetidagi holat: O‘qituvchilar 15, 10, 20 yil ishlab kelgan, endilikda diplomi sohasi to‘g‘ri kelmadi deb bittalab universitet inspeksiyasi ishdan bo‘shatmoqda” sarlavhasi bilan xabar tarqaldi.
Mazkur xabardagi ayrim fikrlar voqelikni to‘liq aks ettirmaydi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ayni paytda professor-o‘qituvchilarning diplomida ko‘rsatilgan mutaxassisligi, kasbiy tajribasi va o‘qitayotgan fanlari o‘rtasidagi muvofiqlik tahlil qilinmoqda. Bu ishlar ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini takomillashtirish hamda ta’lim dasturlarini milliy va xalqaro akkreditatsiya talablariga muvofiqlashtirish doirasida amalga oshirilmoqda.
Tahlillar davomida ayrim professor-o‘qituvchilarga o‘z mutaxassisligiga mos fanlarni o‘qitish yoki tegishli kafedralarda faoliyat yuritish bo‘yicha takliflar berilmoqda. Mazkur choralarni ishdan bo‘shatish jarayoni sifatida talqin qilish holat mohiyatiga mos kelmaydi.
Universitetda professor-o‘qituvchilarning ko‘p yillik mehnat tajribasi va kasbiy salohiyati inobatga olinadi. Xodimlarning mehnat huquqlari amaldagi qonunchilik bilan kafolatlangan bo‘lib, mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq qarorlar qonunchilikda belgilangan tartib va asoslarga muvofiq qabul qilinadi.
Shu bilan birga, o‘qituvchining mutaxassisligi bilan o‘qitayotgan fani o‘rtasidagi muvofiqlikni ta’minlash — ta’lim sifati va kadrlar salohiyatidan samarali foydalanishning muhim shartlaridan biridir.
Universitet rahbariyati amalga oshirilayotgan ishlar professor-o‘qituvchilarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatishga emas, balki ularning bilim va tajribasini o‘z mutaxassisligiga mos ta’lim jarayonida samarali qo‘llashga qaratilganini ma’lum qiladi.
Universitet jamoasi va jamoatchilikni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarni baholashda rasmiy manbalarga tayanishga chaqiramiz.