Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida dissertatsiya va monografiya mavzularini ko‘rib chiqish, ilmiy izlanuvchilar faoliyati hamda Muvofiqlashtiruvchi kengash ishiga oid turli fikr va murojaatlar bildirilmoqda.
Jumladan, «Eltuzar» nashrida mazkur masalalar yuzasidan material e’lon qilinib, unda Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati va ayrim holatlar yuzasidan turli fikrlar bildirilgan. Mazkur fikrlarga aniqlik kiritish maqsadida quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida dissertatsiya va monografiya mavzularining tegishli ixtisoslik, tadqiqot obyekti va predmetiga muvofiqligini ko‘rib chiqish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat yuritadi. Kengash 10 ta ilmiy yo‘nalishni qamrab oladi.
2026-yil 30-sentabrdagi Kengash yig‘ilishida 8 ta dissertatsiya va 24 ta monografiya mavzusi ko‘rib chiqilgan. Muhokama jarayonida ayrim mavzularga o‘zgartirish va aniqliklar kiritish, ularni tegishli ixtisoslik va ilmiy yo‘nalishga muvofiqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Bu Kengash faoliyatining belgilangan tartibdagi odatiy amaliyotidir.
Xususan, muhokama qilingan dissertatsiya mavzularidan biri bo‘yicha tadqiqotning tanlangan ixtisoslik va obyektga muvofiqligini aniqlashtirish zarurati qayd etilgan. Tadqiqotchiga ilmiy rahbari bilan maslahatlashgan holda mavzuni qayta ko‘rib chiqish va masalani keyingi yig‘ilishda muhokama qilish tavsiya etilgan. Mazkur masala Kengash raisi yoki kotibining yakka tartibdagi qarori emas, balki Kengash a’zolari muhokamasi doirasida ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, izlanuvchilarning til sertifikatlari va ilmiy nashrlarga qo‘yiladigan talablar amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilanadi. Ilmiy ishlarni baholashda tadqiqotning mazmuni, ilmiy yangiligi, sifati hamda belgilangan talablarga muvofiqligi asosiy mezon hisoblanadi.
Ayni paytda universitetda 6 ta ixtisoslik bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi 2 ta doimiy Ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda. 2026-yilda 25 nafar izlanuvchi muvaffaqiyatli himoya qilgan, 31 nafar tadqiqotchi himoya jarayonida, 10 nafar izlanuvchining hujjatlari himoyaga qabul qilingan. Shuningdek, 63 nafar tadqiqotchi ilmiy seminardan muvaffaqiyatli o‘tgan.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ilmiy-tadqiqot jarayonlarida qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillariga amal qiladi. Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifasi izlanuvchilarga to‘sqinlik qilish emas, balki dissertatsiya va monografiya mavzularining ilmiy talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqish hamda zarur hollarda tegishli ilmiy tavsiyalar berishdan iborat.
2026-10-03 08-46