5-fevral kuni OʻzDJTU delagatsiyasi aʼzolari hamda INTI Xalqaro universiteti rahbariyati bilan ham uchrashuv tashkil etildi.
Dastur davomida INTI universitet rektori professor Joseph Lee va OʼzDJTU rektori I.Tuxtasinov oʼrtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi ijrosi boʼyicha amalga oshiriladigan hamkorlik yoʼnalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida OʼzDJTU haqida videorolik qoʼyildi va universitet faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi. INTI Xalqaro universiteti faoliyati boʼyicha ham taqdimotlar namoyish etildi. Soʼng faoliyatlar yoʼnalishidan kelib chiqqan holda, talabalar almashinuvi dasturi masalasi muhokama qilindi va shu yilning oʼzida 100 nafarga yaqin OʼzDJTU talabalarini INTI Xalqaro universitetiga bir semestr uchun oʼqishga yuborish boʼyicha kelishib olindi.
Bir qator yoʼnalishlarda bakalavr 2+2 shaklida va magistratura 1+1 shaklida qoʼshma taʼlim dasturlarini yoʼlga qoʼyish masalalari boʼyicha birlamchi kelishuvlarga erishildi. Bu borada narxlar yuzasidan qoʼshimcha muzokaralar olib boriladi.
Shuningdek, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʼyicha magistraturada 4 ta mutaxassislik va doktoranturada 1 ta ixtisoslik boʼyicha Malayziyada ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish imkoniyatlari toʼgʼrisida fikr almashildi va natijada INTI Xalqaro universiteti rektori professor Joseph Lee OʼzDJTU uchun imtiyozlar berishga rozilik bildirdi.