5-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi
Joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xotin-qizlar kengashi, Uchtepa tumani hokimligi hamda Toshkent shahar Uchtepa tumani axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Ayolni e’zozlash oyligi” doirasida “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtlidir” shiori ostida “Latofatli, mo‘tabar va muvaffaqiyatli ayol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent shahar Bilim axborot-kutubxona markazi direktori — Karimova Hafiza Qo‘ldoshevna mavzu yuzasidan ma’ruza qilib, ayollarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ularning ilm-fan, ma’naviyat hamda ijtimoiy hayotdagi faolligi haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirdi. U o‘z nutqida ayollarning jamiyat rivojidagi o‘rni, ularning intellektual salohiyati va fidokorona mehnati har qanday taraqqiyotning muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda Zulfiya mukofoti sovrindori — Go‘chchiyeva Rohilabonu ham ishtirok etib, o‘zining hayotiy tajribasi, erishgan yutuqlari hamda yoshlarni ilm olish, izlanish va yuksak maqsadlar sari intilishga undovchi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida Toshkent shahar Uchtepa tumani axborot-kutubxona markazi direktori — Xodjayeva Barchinoy Xabibovna bilan talabalar o‘rtasida ochiq savol-javob va muloqot tashkil etildi. Unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan batafsil javoblar oldilar. Ochiq muloqot tadbirni yanada mazmunli va qiziqarli ruhda davom etishiga imkon berdi.
Tadbir yakunida universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi — F. Ashurova hamda Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimasi — A. Dusmuxamedovaga Uchtepa tumani hokimligi tomonidan tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.