7-fevral kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi Ozarbayjon til markazida universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov boshchiligida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Mazkur uchrashuvda universitet rahbariyati, Ozarbayjon tillar universitetidan taklif etilgan professor-oʻqituvchilar hamda ozarbayjon tili guruhi talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi qardoshlikka asoslangan strategik hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Global oʻzgarishlar sharoitida ikki davlat oʻrtasidagi barqaror, ishonchli va oʻzaro manfaatli aloqalar ta’lim, ilm-fan hamda madaniy-gumanitar sohalarda izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Xususan, ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik strategik sheriklikning muhim intellektual asosi ekani qayd etildi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan qoʻshma ta’lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlar yosh avlodning zamonaviy bilim va koʻnikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar ikki qardosh xalqni azaldan bogʻlab kelayotgan ma’naviy koʻprik ekani, umumiy tarix, adabiyot va qadriyatlar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro hurmatni mustahkamlab borayotgani ta’kidlandi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube