Barselona universitetida O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumi doirasida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumining Madrid shahrida o‘tkazilgan ochilish tadbirlaridan so‘ng forum ishlari 12-iyun kuni Barselona shahridagi University of Barcelona (UB)da davom etdi. Forumning navbatdagi kuni doirasida tashkil etilgan yalpi majlisda ikki mamlakat oliy ta’lim tizimlari, xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda universitetlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Yalpi majlisning kirish qismida Barselona universiteti rektori professor Joan Guàrdia Olmos, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti rektori hamda Xalqaro reyting ekspertlari guruhi (IREG) vitse-prezidenti Komiljon Karimov va Ispaniya Ta’limni xalqarolashtirish xizmati (SEPIE) Oliy ta’limni xalqaro targ‘ib qilish bo‘limi rahbari o‘rinbosari Fatima Terol so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Ispaniya universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.
Shundan so‘ng Kataloniya hukumati Tadqiqotlar va universitetlar departamenti vakili Maria Pia Moret “Kataloniya universitet tizimi: ustuvor yo‘nalishlar, internatsionallashuv va innovatsiyalar” mavzusida ma’ruza qildi. Taqdimot davomida Kataloniya oliy ta’lim tizimining rivojlanish strategiyasi, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda innovatsion yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.

Yalpi majlis davomida Komiljon Karimov “O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi” mavzusida taqdimot o‘tkazib, mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro reytinglar bilan ishlash tajribasi va universitetlarning xalqaro maydondagi faolligi haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Casa Asia Markaziy Osiyo observatoriyasi hamraisi Yasmin Paricio Markaziy Osiyo va O‘zbekiston haqidagi bilimlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan taqdimot bilan ishtirok etdi.
Forumda ishtirok etayotgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi ham yalpi majlis ishida faol ishtirok etib, xorijiy hamkorlar bilan muloqotlar o‘tkazdi hamda universitetning xalqaro hamkorlik yo‘nalishidagi tashabbuslarini ilgari surdi.
Shundan so‘ng forum doirasida tarmoqli muloqot sessiyasi hamda ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Mazkur uchrashuvlar davomida ishtirokchilar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni rivojlantirish, shuningdek, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish bo‘yicha fikr almashdilar.
Forum yakunida ishtirokchilar o‘rtasida erishilgan kelishuvlar va bildirilgan takliflar asosida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha umumiy xulosalar qilindi hamda forum o‘z ishini rasmiy ravishda nihoyasiga yetkazdi.
