Bugun O‘zDJTUda “Vazir kubogi” chim ustida xokkey musobaqasining finali bo‘lib o‘tdi.
Finaldan so‘ng taqdirlash marosimi tashkil etildi. Tadbirni O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov ochib, musobaqaning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov so‘zga chiqib, “Vazir kubogi” musobaqasi tarkibiga ilk bor kiritilgani, ayniqsa qizlar o‘rtasida sportni rivojlantirishda muhim qadam bo‘layotganini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu sport turini barcha oliy ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotganini qayd etdi.
Bundan tashqari, vazir final bosqichida ishtirok etgan jamoalar uchun xalqaro tajriba orttirish maqsadida sayohat tashkil etilishini ham ma’lum qildi.
Chim ustida xokkey federatsiyasi vitse-prezidenti Axmadulin Rinat Galimjanovich so‘zga chiqib, musobaqaning yoshlar sportini rivojlantirishdagi o‘rnini alohida ta’kidladi hamda barcha ishtirokchilarni qutladi.
Yakunda g‘olib va sovrindor jamoalar tantanali ravishda taqdirlandi.