OʻzDJTU vakili xalqaro dasturda ishtirok etdi.
Jahon adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi M. G‘iyosov 2024-yilning 9-21-noyabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan nogironlik huquqlari va ularning ijtimoiy integratsiyalashuvi mavzusida maxsus dasturda ishtirok etdi.
Ushbu dastur nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, inklyuziv ta'limni targ'ib qilish, ularga qulay infratuzilma yaratish va ijtimoiy hayotga integratsiya qilish bo‘yicha AQShning ilg‘or tajribasini o‘rganishga qaratilgan.
Xorijiy safar davomida universitetimiz vakili Vashington shahrida joylashgan Milliy Mustaqil Hayot Markazi (NCIL) va Golloudet universiteti, shuningdek, Filadelfiya shahridagi Temple universiteti qoshidagi Nogironlik bo‘yicha Institut (UCEDD), Filadelfiya Transport Boshqarmasi (SEPTA) va Pennsylvania Center for Adaptive Sports (PCAS) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Safar davomida o‘tkazilgan seminar va treninglarda M.G‘iyosov nogironlar huquqlarini himoya qilishda innovatsion yondashuvlar, texnologik imkoniyatlar va davlat hamda nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha tajriba almashdi. Ushbu dastur davomida olingan bilim va tajribalar mamlakatimiz ta’lim tizimida ijtimoiy inkluziyani rivojlantirishga xizmat qiladi, degan umiddamiz.