HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI
2025 yil 12 dekabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) va Buxoro davlat pedagogika instituti (BuxDPI) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Uchrashuvda ikki universitet rahbariyati – O‘zDJTU rektori Ilxomjon Tuxtasinov va BuxDPI rektori B.B. Ma’murov ishtirok etdi.
Memorandum doirasida tomonlar o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgiladilar: professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ilmiy hamkorlik, ta’lim metodikalari va texnologiyalarini rivojlantirish, malaka oshirish kurslari, seminarlar, konferensiyalar va boshqa qo‘shma tadbirlarni tashkil etish. Shuningdek, magistr va doktorantura dissertatsiyalari bo‘yicha ilmiy rahbarlik va maslahat berish, talabalarning akademik mobilligini ta’minlash kabi masalalar ham hamkorlik doirasida amalga oshiriladi.
Tomonlar memorandumni amalga oshirish jarayonida intellektual mulk huquqlarini hurmat qilish, maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik va moliyaviy majburiyatlarni mustaqil qoplash tamoyillari asosida ish yuritishni kelishib oldilar. Ushbu hujjat ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy, ta’lim va madaniy sohalardagi aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qiladi.