Ingliz filologiyasi fakultetida “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” mavzusida ma’rifiy uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz filologiyasi fakulteti Ingliz tili amaliy aspektlari kafedrasi o‘qituvchilari Anarbayev Orzubek va Turg‘unboyev Rustamjon tomonidan Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 280-umumta’lim maktabida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

 

 

Uchrashuv davomida o‘quvchilarga mamlakatimizning bosh qomusi yaratilish jarayoni, qabul qilinish bosqichlari, yangi tahrirdagi asosiy o‘zgarishlar, shuningdek, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishdagi beqiyos o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Tadbir ishtirokchilari Konstitutsiyaning asosiy tamoyillari, inson huquq va erkinliklarining kafolatlari, fuqarolarning burchlari hamda davlatning ularga nisbatan majburiyatlari borasida keng qamrovli tushunchalarga ega bo‘lishdi.

Ma’rifiy uchrashuv doirasida o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini baholash maqsadida savol-javob sessiyasi tashkil qilinib, ular tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Shuningdek, konstitutsiya va huquqiy mavzuga oid muhim terminlarning ingliz tilidagi ekvivalentlari o‘rgatilib, o‘quvchilarning til kompetensiyasini rivojlantirishga qo‘shimcha imkoniyat yaratildi.

 

 

Tadbir yakunida o‘quvchilar va o‘qituvchilar tomonidan esdalik uchun birgalikda suratga tushildi.
Mazkur uchrashuv o‘quvchilarda konstitutsiyaviy madaniyatni yuksaltirish, huquqiy fikrlashni shakllantirish va Vatanimizning asosiy qonuniga bo‘lgan hurmat-e’tiborni mustahkamlashga xizmat qildi.

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube