Mamlakatimizda xorijiy tillarni rivojlantirish yoʻlida yaratilayotgan sharoitlar oʻzbekistonlik professor-oʻqituvchilar, oliy taʼlim muassasalarining xorijiy mamlakatlar olimlari, taʼlim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilishida keng imkoniyatlarni yaratmoqda.
Shu yilning 21 dekabr kuni Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Dilfuza Teshabayeva hamda PhD Mahfuza Ortiqova Polshaning Katovitse shahrida joylashgan Silesiya universiteti rektori, professor Ritsart Koziolek bilan, shuningdek, polyak tili va madaniyati markazi vakillari bilan uchrashishdi.
Muzokaralar mobaynida oʻzbekistonlik hamda polshalik professor-oʻqituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Polshaning NAWA dasturi asosida polyak tilini oʻrganayotgan oʻzbek yoshlarining Katovitse shahrida tahsil olishini taʼminlash, oʻzaro hamkorlikda seminar-treninglar, mahorat darslari, vebinarlar tashkil etishga kelishib olindi.
- Oʻzbekistonda ilm-fan ham xorijiy tillarni oʻrgatishga qaratilgan yoshlar siyosatidan xabardormiz. Mamlakatingiz bilan tillarni rivojlantirish yoʻlida hamkorlik qilishdan mamnunmiz, - deydi universitet rektori Ritsart Koziolek. – Oʻzbekistonga borish, rosti, orzum. Yurtingizning boy tarixi, yuksak madaniyati va goʻzal urf-odatlari meni doim maftun etib kelgan.
Oʻzbekistonlik mutaxassislar ishtirokidagi filolog, diplomat va siyosatshunos talabalar uchun olib borilgan mahorat darslari hamda oʻzbek urf-odat, anʼanalariga bagʻishlangan taqdimot katta qiziqish bilan qarshi olindi.
2024 yilda Silesiya universiteti rektori boshchiligida polshalik professorlardan tashkil topgan delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi rejalashtirilmoqda. Mazkur tashrif doirasida universitetning Madaniyatlararo kommunikatsiyaning lingvistik taʼminoti kafedrasi qoshida polyak tili va madaniyati markazi tashkil etiladi.