KOICA va KIDC vakillarining O‘zDJTUga tashrifi bo‘lib o‘tdi

16-aprel kuni soat 15:00 da O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektoratida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda Koreya xalqaro rivojlanish markazi (KIDC) vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tashrif doirasida KIDC’ning O‘zbekistondagi hududiy menejeri No Yunmi, mahalliy menejer Anvarjon Shomirzayev, markaz xodimi Umida Usmonova hamda bir guruh koreyalik volontyorlar universitet rahbariyati va mas’ul xodimlar bilan muloqot qildi.

 

 

Uchrashuvda universitet rektori I. Tuxtasinov ishtirok etib, mehmonlarni samimiy qarshi oldi va universitet faoliyati, xalqaro hamkorlik aloqalari hamda koreys tili ta’limi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, u Koreya hukumati, KOICA va KIDC tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy va moliyaviy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbir davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
– o‘zbek tili va adaptatsiya kurslarini takomillashtirish;
– koreys tili guruhlari talabalari uchun til va madaniyatga oid mashg‘ulotlarni tashkil etish;
– volontyorlarning kelgusidagi rejalari va vazifalari.

Shuningdek, ishtirokchilar Sharq filologiyasi fakultetida tashkil etilayotgan “Koreya ta’lim va madaniyat markazi” faoliyati, uni rivojlantirish istiqbollari hamda talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ta’lim va madaniy aloqalarni kengaytirish hamda amalga oshirilayotgan loyihalarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

 

FM Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube