Koreyaning Sunchon milliy universiteti vakillari O‘zDJTUda

2025-yil 19-avgust kuni Koreya Respublikasining Sunchon milliy universiteti vakillari – Xalqaro aloqalar va ta’lim bo‘limi dekani Seo Kangsok hamda koordinator Li Subin O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga tashrif buyurishdi.

 

 

Mehmonlarni O‘zDJTU rektori I.M. Tuxtasinov, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A. Nasirov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev, Sharq filologiyasi fakulteti dekani D. Djurayev hamda koreys tili o‘qituvchisi, tarjimon O‘. O‘roqov kutib oldilar.

Uchrashuv davomida qator muhim masalalar, jumladan:
 - talaba, o‘qituvchi va doktorantlar almashinuvi;
 - Sunchonda koreys tili va jurnalistika yo‘nalishlari o‘qituvchilari malakasini oshirish;
 - koreys va boshqa xorijiy tillar hamda xalqaro jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarni O‘zDJTUga jalb qilish;
 - talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Sunchon milliy universiteti bilan 2+2 formatda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish tomonlar diqqat markazida bo‘ldi. Bunda, talabalar 2 yil davomida O‘zDJTU tahsil oladi va qolgan 2 yilini Koreyada o‘qishadi. Shartnoma-to‘lov summasi miqdorini O‘zDJTU belgilaydi. Asosiy masalalardan biri Koreyada o‘qish bepul tarzda amalga oshiriladi yoki talabalar kontrakt summasini O‘zDJTUga to‘laydi. 

 


I. Tuxtasinovning magistratura mutaxassiligi bo‘yicha 1+1 formatda qo‘shma ta’lim dasturini ham amalga oshirish bo‘yicha taklifiga Koreya tomoni ijobiy javob berdi. Tomonlar ushbu dasturlarning yo‘nalishlari, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish, kelishish hamda 2026/2027-o‘quv yilidan dasturlarni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib oldilar.

Ma’lumot  uchun: 1935-yilda tashkil topgan Sunchon milliy universiteti 2000-yilda Koreyadagi 182 ta universitet o‘rtasida 17 o‘rinni egallab, hozirgi kunda Osiyo universitetlari reytingida TOP 1000 talikdan o‘rin olgan. Talabalar soni 26 000 ga yaqin bo‘lib, klassik universitet sifatida 100 dan ortiq ta’lim dasturlarini, jumladan 91 ta magistratura, 25 ta integrallashgan  magistratura va PhD hamda 35 ta PhD dasturlarini taklif etadi. 

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube YouTube