O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Braziliyaning nufuzli OTMlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida safarni davom ettirmoqda.

Xususan, delegatsiya a‘zolari 2024-yil 29-noyabr kuni Braziliyaning Kampinas universitetida bo‘lib, ushbu oliy ta‘lim muassasasi rahbariyati vakillari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda qatnashdi.

Uchrashuvda Braziliyaning Kampinas universiteti rektori Antonio Meirelles, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor, professor Osvaldir Pereira Taranto, Chet tillari instituti direktori, professor Petrilson Alan Pinheiro da Silva, Xalqaro hamkorlik bo‘limi mas‘ul xodim Mayara Pereira Morais hamda O‘zDJTU rektori boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Braziliyaning Jahon universitetlari xalqaro reytingida 232-o‘rinni egallab turgan oliygohi bilan turli sohalarda hamkorlik masalalari bo‘yicha muhim muzokaralar o‘tkazdi. 

O‘zDJTU rektori, professor I.Tuxtasinov hamkasblarga O‘zbekiston oliy ta‘lim tizimida amalga oshirilayotgan samarali islohotlar, mamlakatimizda chet tillarini o‘qitish borasida olib borilayotgan davlat siyosati, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Hukumat tomonidan ushbu sohaga qaratilayotgan e’tibor haqida batafsil ma’lumot berdi.


 

Ishtirokchilarga mustaqil respublikamizning boy tarixi va ma’daniy merosi hamda O‘zDJTU faoliyati haqidagi videoroliklar namoyish etildi. 

Kampinas universiteti rahbariyati o‘zlari uchun yangi dunyo, ishonchli hamkor va istiqbol uchun muhim tayanch topganliklarini alohida ta‘kidlab o‘tdilar. 

Muzokaralar davomida o‘qituvchi, talaba va ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta‘lim dasturlarini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, ilmiy stajirovkalar hamda xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil qilish va o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishildi.

Asosiy masalalardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida portugal tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, Kampinas universitetidan til sohiblarini, mahalliy mutaxassislarni jalb qilish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv so‘ngida O‘zDJTU va Kampinas universiteti rahbarlari hamkorlik shartnomasini imzoladilar, erishilgan kelishuvlar asosida "Yo‘l xaritasi"ni tayyorlash hamda imzolashga kelishib olindi.

Facebook Twitter Instagram Telegram YouTube