O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Ingla International School Baku faoliyati bilan tanishdi
5-fevral kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida joylashgan Ingla International School Baku hamda Ingla xalqaro ta’lim va yoshlarni tayyorlash markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuv davomida mazkur ta’lim muassasalarining faoliyati, xalqaro miqyosdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari, shuningdek, yoshlar uchun tashkil etilayotgan konferensiyalar va “Karyera kunlari” kabi loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ingla International School Baku rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ta’lim sohasidagi istiqbolli rejalar hamda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ta’lim yo‘nalishlari, moddiy-texnik bazasi va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi. Jumladan, universitetda 11 ta fakultet va 48 ta kafedra faoliyat yuritishi, Yevropa va Sharq tillarini o‘z ichiga olgan 22 ta xorijiy til o‘qitilishi qayd etildi. 2025–2026-o‘quv yilidan boshlab ozarbayjon tili ham ta’lim jarayoniga joriy etilgani alohida ta’kidlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dunyoning 39 ta davlatidagi 132 ta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Universitet zamonaviy o‘quv auditoriyalari, ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan sinfxonalar, zamonaviy kutubxonalar hamda talabalar uchun qulay turar joylarga ega. Xorijiy talabalar uchun alohida talabalar turar joylari ajratilgan bo‘lib, hozirda universitetda 300 ga yaqin xorijiy talaba tahsil olmoqda.
Shuningdek, 87 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi — native speakerlar tomonidan 22 ta xorijiy til bo‘yicha dars mashg‘ulotlari olib borilayotgani qayd etildi. Universitetning xalqaro reytinglardagi o‘rni ham e’tirof etildi. Xususan:
• QS Higher Education reytingida — 83-o‘rin,
• Lingvistika yo‘nalishi bo‘yicha — 251–300-o‘rinlar,
• Higher Education Impact reytingida — 30-o‘rin,
• Green Metric reytingida — 498-o‘rin.
Mazkur ko‘rsatkichlar O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ta’lim sifati yuqori ekanini va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samaradorligini yaqqol namoyon etadi.
Shuningdek, universitetning Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Yaponiya, Malayziya, Indoneziya va Ozarbayjonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, British Council, KOICA, JICA, TIKA, Goethe instituti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
Uchrashuv doirasida tomonlar o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar olib borildi hamda Ingla International School Baku bitiruvchilarini O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga qabul qilish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi. Mazkur kelishuvlar asosida hamkorlik shartnomasini imzolash hamda yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha ham yakdil qarorga kelindi.
Uchrashuv yakunida Ingla International School Baku bilan kelgusidagi hamkorlik masalalari yuzasidan kelishuvlar mustahkamlandi. Xususan, ozarbayjonlik yoshlarni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti akademik litseyi, bakalavriat, magistratura, doktorantura hamda mustaqil izlanuvchilik yo‘nalishlarida tahsil olishga jalb etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Ingla International School Baku rahbariyatining tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu uchrashuv O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora ortib borayotganidan, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim, madaniyat va adabiyot sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganidan dalolat beradi.